Huquqbuzarga nisbatan chora ko‘rildi - Surxondaryo viloyati ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hududida tibbiy chiqindilar noqonuniy yoqib yuborilib, havoni ifloslantirayotgani haqida ma’lumotlar tarqaldi. Atrof-muhit inspektorlari voqea joyiga yetib kelib, vaziyatni o‘rganib chiqdi.
Tekshiruv davomida tibbiyot muassasasining mufel pechida chiqindilarni utilizatsiya qilish uchun ruxsat etilgan me’yordan ortiq chiqindilar yoqib yuborilayotgani aniqlandi. Bu atmosferaga zaharli chiqindilar ruxsat etilgan chegaradan oshib ketganini tasdiqladi.
Shu munosabat bilan tibbiyot muassasasi mas’ul xodimlari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Kelgusida bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ularga ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur holat yuzasidan tibbiyot muassasasi xo‘jalik bo‘limi boshlig‘iga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining "Sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish, joylashtirish, zararsizlantirish, saqlash, utilizatsiya qilish, qayta ishlash, realizatsiya qilish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzish" moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma qo‘zg‘atildi. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 5 ta baravarida (2 060 000 so‘m) jarima solindi.