Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vazirligining Andijon viloyati boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Ijtimoiy tarmoqlarda daraxtlar kesilgani haqida xabarlar tarqalgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Izboskan tumanida 30 yillik daraxtlar kesilgani haqida xabarlar tarqaldi. Har tomonlama tekshirish uchun ishchi guruh tuzildi. Aniqlanishicha, hodisa Shifokorlar ko‘chasidagi Mirzo Ulug‘bek mahalla fuqarolar yig‘ini hududida sodir bo‘lgan.
Tekshiruv davomida ushbu hududda 18 tup katalpa daraxti kesilgani aniqlangan.
Daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesgan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining "Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish" moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Erkak 10 300 000 so‘m jarimaga tortildi. Ekologiya boshqarmasi tabiatga yetkazilgan moddiy zarar miqdorini xabar bermadi.