Sirdaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati rasmiy xabar e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Sayxunobod tumanining "Intilish" mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi "Sho‘ro‘zak" kanalida brakonerlar elektr toki yordamida noqonuniy baliq ovlayotgani haqida ma’lumot tarqalgan. Natijada kanal suvlarida ko‘plab o‘lik baliqlar paydo bo‘lgani qayd etilgan.
Shu asosda ekologiya inspektorlari prokuratura, Milliy gvardiya va ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda tekshiruv o‘tkazishdi. Tekshiruv davomida joriy yil 16 oktabr kuni elektr toklari yordamida baliq ovlayotgan ikki brakoner qo‘lga olindi. Ularning noqonuniy yo‘l bilan tutgan baliqlari soni 37 dona bo‘lib, hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 356,38 million so‘mni tashkil etgan.
Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan barcha hujjatlar dastlabki tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish uchun prokuraturaga yuborildi. Qonunbuzarlarga nisbatan jinoiy javobgarlik qo‘llanilishi mumkin.