Kun davomida 5 nafar huquqbuzar aniqlangan - Navoiy viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ekologiya inspektorlari Navoiy viloyatining Nurata tumanida reydlar o‘tkazgan. Reydlar davomida "Chuya" mahallasi hududida besh nafar mahalliy aholi vakillari noqonuniy ravishda qum-shag‘al aralashmasini qazib olish bilan shug‘ullanganlari aniqlangan. Shu bilan huquqbuzarlar atrof-muhitga sezilarli zarar yetkazgan.
Ushbu holat bo‘yicha har bir huquqbuzar uchun O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining "Yer osti boyliklarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish talablarini buzish" moddasi 1-qismi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzilgan. Har biri 10 bazaviy hisoblash miqdorida (4 120 000 so‘m) jarimaga tortiladi. Jarimalar umumiy summasi 20 million 600 ming so‘mni tashkil qilgan. Shuningdek, huquqbuzarlar noqonuniy qazib olingan tabiiy resurslarni o‘z joyiga qaytarishga majbur qilingan.
Ekologik reydlar davom ettirilmoqda.