Poytaxt Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati rasmiy xabar e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, 25-oktabr kuni kechasi Toshkent shahrida daraxtlar ommaviy kesib tashlangan. Hodisa Yakkasaroy tumanidagi Bobur ko‘chasida, Nukus ko‘chasi bilan kesishgan qismidan boshlab qayd etilgan. Ekologiya inspektorlari yo‘l bo‘ylab kesilgan 174 tup daraxt va butani aniqladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan zarar miqdori 1 milliard 460 million 952 ming so‘mni tashkil etgan.
Idora ma’lumotida poytaxt hokimiyati rahbariyati vaziyatni alohida nazoratga olgani, xizmat tekshiruvi boshlanganligi qayd etildi. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra daraxtlarning kesilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga qonunchilikka muvofiq chora ko‘riladi. Shuningdek, kelgusida bunday ishlar o‘xshash holatlarning oldini olish maqsadida Ekologiya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi ta’kidlandi.
To‘plangan materiallar qonuniy qaror qabul qilinishi uchun prokuraturaga yuborilgan.
Avvalroq Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ham ushbu hodisa yuzasidan fikr bildirib, poytaxt hokimiyatining ayrim yuqori lavozimli xodimlari tomonidan Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi xodimlariga bosim o‘tkazilgani haqida ma’lumot bergan.