Mamlakatning birinchi texnologik "yakkashoxi"ga aylangan Uzum milliy raqamli ekotizimi London fond birjasida (LSE) aktsiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) imkoniyatini faol o‘rganmoqda. Bu haqda Reuters agentligiga bergan intervyusida kompaniya asoschisi va strategiya va biznesni rivojlantirish direktori Nikolay Seleznyov ma’lum qildi.
Bu qadam nafaqat kompaniya, balki butun O‘zbekiston texnologiya sektorining rivojlanishida muhim bosqichni anglatib, global maydondagi o‘sib borayotgan ambitsiyalarni namoyish etadi. London Amerika Nasdaq birjasi, shuningdek, Abu-Dabi va Gonkong fond bozorlari kabi moliyaviy markazlarni o‘z ichiga olgan listing uchun potentsial maydonlar ro‘yxatiga qo‘shildi.
Seleznyovning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda Xitoyning texnologiya giganti Tencent va xalqaro VR Capital investitsiya fondi ishtirok etgan moliyalashtirish raundidan so‘ng kompaniyaga Gonkongda qiziqish sezilarli darajada oshgan. Avgust oyida Uzum qariyb 70 million dollar jalb qildi, bu esa kompaniya bahosini taxminan 1,5 milliard dollarga yetkazish imkonini berdi. Ushbu sarmoya Tencentning O‘zbekistondagi texnologik kompaniyaga birinchi sarmoyasi bo‘ldi.
Ambitsiyali rejalarga qaramay, Seleznyov 2027-yilga mo‘ljallangan IPOning maqsadli narxini izohlashga hali erta ekanligini ta’kidladi. Biroq, u aniqlik kiritdi: "Agar biz London fond birjasiga chiqsak, biz, albatta, LSEda savdo qiladigan kapitallashuvi bo‘yicha 100 ta eng yirik kompaniyani o‘z ichiga olgan FTSE 100 indeksini ko‘rib chiqardik".
IPO uchun xalqaro platformani tanlash "likvidlik va investorlar bazasining mavjudligi" bilan izohlanadi, bu esa aktsiyalarni baholashga bevosita ta’sir qiladi. Seleznyov investorlar bilan muloqotda nafaqat kompaniyaning o‘z salohiyatiga, balki butun O‘zbekiston iqtisodiyoti istiqbollariga ham urg‘u berilayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, Uzum asoschisi geografik kengayishga qarshi chiqdi. "Men juda tez geografik ekspansiyaga qarshiman. Biz haqiqatan ham ichki bozorda o‘z o‘rnimizni egallashni va yetakchi mavqega ega bo‘lishni istaymiz, bu esa potentsial hamkorlarga nafaqat bu yerda [O‘zbekistonda], balki mamlakat tashqarisida ham muvaffaqiyatli bo‘ladigan tizim yaratishga qodir ekanligimizni ko‘rsatish uchun", - dedi Nikolay Seleznyov.
Aksiyadorlik kapitali bozoriga kirishdan oldin Uzum xalqaro qarz bozorlarini sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Kompaniyaning rejalariga 2026-yilning birinchi yarmida 300 million dollarlik debyut yevrobondlarni chiqarish kiradi. Bu qadam aktsiyalarni kengroq joylashtirishga tayyorgarlik bo‘ladi. Mahalliy bozorda kompaniya allaqachon kapital jalb qilish tajribasiga ega: mart oyida Uzum "Toshkent" Respublika fond birjasida 300 milliard so‘mlik birinchi korporativ obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirdi.
Avvalroq, Uzum kompaniyalar guruhining yana bir hammuassisi va rahbari Jasur Jumayev Toshkent xalqaro investitsiya forumida o‘rta muddatli istiqbolda likvidlikni oshirish rejalarini tasdiqlagan edi. U buni nafaqat IPO orqali, balki strategik sheriklik yoki boshqa yirik mintaqaviy o‘yinchilar bilan ittifoqlar tuzish orqali ham amalga oshirish mumkinligini istisno etmadi. "Men IPO o‘tkazishdan xursand bo‘lardim, bu mening orzuim", - deya qo‘shimcha qildi Jumayev.
Avgust oyida jalb qilingan mablag‘larni kompaniya o‘zining fintex-infratuzilmasini rivojlantirishga, mahsulot turlarini kengaytirishga va O‘zbekistonda elektron tijorat va moliyaviy texnologiyalar bozoridagi o‘rnini mustahkamlashga yo‘naltiradi. Marketpleys, yetkazib berish xizmati va raqamli bankni o‘z ichiga olgan Uzum ekotizimi allaqachon har oy 17 millionga yaqin foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatadi, bu mamlakat aholisining deyarli yarmini tashkil etadi.
Uzum O‘zbekiston tarixida bozor kapitallashuvi 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan "yakkashox" maqomiga erishgan birinchi texnologik startap bo‘ldi.