Atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida "O‘zatom" agentligi delegatsiyasi Italiyaning Genuya shahrida joylashgan Ansaldo Energia kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatlariga amaliy tashrifini yakunladi. Ansaldo Energia turbina uskunalarini ishlab chiqarish sohasida dunyoning tan olingan yetakchilaridan biri hisoblanadi.
Tashrifdan maqsad - bo‘lajak O‘zbekiston AES uchun uskunalarni yetkazib berishi mumkin bo‘lgan kompaniyalardan birining texnologik imkoniyatlari va ishlab chiqarish jarayonlari bilan batafsil tanishishdan iborat bo‘ldi. Italiya tomoni vakillari O‘zbekiston delegatsiyasi uchun asosiy ishlab chiqarish maydonlari bo‘ylab batafsil ekskursiya tashkil etdi. Xususan, har qanday elektr stansiyasining o‘ta muhim komponentlari hisoblangan turbina rotorlari va kuraklari tayyorlanadigan sexlar namoyish etildi.
Genuyadagi zavodning ishlab chiqarish liniyalari keng quvvat diapazonidagi energetika uskunalarini ishlab chiqarish imkonini beradi. Mahsulotlar assortimenti nisbatan ixcham qurilmalardan tortib, quvvati ming megavattdan oshadigan turbogeneratorlargacha bo‘lgan uskunalarni o‘z ichiga oladi, bu esa zamonaviy atom energobloklari talablariga javob beradi. Muzokaralar davomida Italiya kompaniyasining muhandislik yechimlarini O‘zbekistonning iqlim sharoitlariga texnologik integratsiya qilish va moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif yakunlariga ko‘ra, olingan ma’lumotlar va o‘tkazilgan maslahatlar tomonlar o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish uchun mustahkam zamin yaratishi ta’kidlandi. Ushbu o‘zaro hamkorlik bosqichi mamlakatda birinchi atom elektr stansiyasini barpo etish bo‘yicha strategik loyiha uchun texnologik hamkorlarni har tomonlama baholash va tanlashning muhim qismi sifatida ko‘rib chiqilmoqda. Avvalroq, 2025-yilning may oyida "O‘zatom" va Ansaldo Energia tinch atom sohasida uzoq muddatli hamkorlik uchun asos solgan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi.
Atom elektr stansiyalarida ishlatiladigan bug’ turbinalari inson tomonidan yaratilgan eng yirik aylanuvchi mexanizmlardan biridir. Bunday turbinaning vali uzunligi 60 metrdan, og‘irligi esa 2000 tonnadan oshishi mumkin, shu bilan birga uning ishlab chiqarilishi va muvozanatining aniqligini Shveytsariya soatlari aniqligi bilan taqqoslash mumkin.