Firibgarlar qo‘lga olindi - Bosh prokuratura departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura departamentining Karmana tumani bo‘limi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar idoralari xodimlari bilan birgalikda ikki nafar fuqaroni qo‘lga oldi. Ular 325 million so‘m olayotgan vaqtda hibsga olingan. Aniqlanishicha, jinoyatchilar MFY "Navro‘z" hududidagi 6,5 sotix yer maydonini sotish to‘g‘risida internetga e’lon berib, shu orqali o‘z xaridorini topgan. Xaridor ishonchini qozonish uchun yerga soxta mulkchilik hujjatlarini to‘qib, hech qanday muammosiz xaridorga topshirishga va’da berishgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining "Firibgarlik" va "Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, ularni sotish yoki ulardan foydalanish" moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov-tezkor tadbirlari o‘tkazilib, ushbu shaxslarning shu kabi boshqa jinoyatlarga aloqadorliklari aniqlanmoqda.