"Toshkent-Aero" IBK matbuot xizmati xabariga ko‘ra, kontrabanda tovarlarni olib o‘tishga urinish oldi olindi.
"Toshkent-Aero" IBK kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti chegara bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda maxsus tezkor tadbir o‘tkazdi. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Dubay-Toshkent reysi bilan kelayotgan bir necha fuqarolarni kutib olayotgan shaxs qo‘lga olindi. Jinoyatchi bojxona to‘lovlari va yig‘imlarini to‘lamaslik maqsadida ular bilan turli mahsulotlarni olib o‘tishni kelishib olgan. Jami 27 gramm zargarlik buyumlari, oltita iPhone 16 Pro Max mobil telefoni, to‘rtta changyutgich, 347 dona flesh-disk aniqlanib, olib qo‘yildi. Qo‘lga olingan tovarlarning umumiy qiymati 250 million so‘mni tashkil etdi.
Mazkur hodisa yuzasidan tergov-tezkor tadbirlari olib borilmoqda. Fuqaro jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Hozirda uning harakatlari qonuniy baholanmoqda.