Tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi -Bosh prokuratura departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura departamentining Yangihayot tumani bo‘limi xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruv davomida bir erkak boshqa fuqarodan chaynaladigan tamaki sotib olib, uni poytaxtda sotishni rejalashtirganligi aniqlangan. U barcha tovarlarni Chilonzor tumani, Choponota ko‘chasidagi uyida saqlagan. Uning uyi ko‘zdan kechirilganda, umumiy qiymati 644,2 million so‘mlik 6940 o‘ram kontrabanda snuslari aniqlangan. Bu mahsulotlarning barchasi mamlakatimizga noqonuniy olib kirilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining "Etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish" moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Aytish joizki, musodara qilingan kontrabanda tamaki mahsulotlarining o‘ta kattaligidan kelib chiqib, jinoyatchi 7 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.