Firibgarlikda gumonlanayotgan sayyohlik firmasi rahbari qo‘lga olindi - Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.
DXX xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda maxsus tezkor tadbir o‘tkazdi. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida sayyohlik agentligi rahbari 15 ming AQSh dollari miqdoridagi avans to‘lovini olayotgan paytda Samarqandda qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, qo‘lga olingan shaxs Samarqand shahri va Urgut tumanida yashovchi uch nafar fuqaroni Meksika orqali AQShga olib borishni tashkil etishni va’da qilib, ishonchini qozongan. Xizmatlari uchun u har biridan 32 ming dollar so‘radi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hibsga olingan shaxs 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Hozirda jinoyat ishining barcha holatlarini o‘rganish va jinoyatchining shu kabi boshqa jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash bo‘yicha tergov-tezkor tadbirlari olib borilmoqda.