Veterinariya nazorati tadbirlari o‘tkazildi - Buxoro viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Ichki ishlar xodimlari veterinariya nazorati xodimlari bilan hamkorlikda Buxoro viloyatida sifatsiz go‘sht mahsulotlari tarqalishining oldini olish maqsadida tekshiruvlar o‘tkazdi. Joriy yilning 24-sentabr kuni Ramitan tumanida yashovchi, 1969-yilda tug‘ilgan fuqaroning boshqaruvidagi "Cobalt" rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘rikdan o‘tkazildi. Tekshiruv natijasida avtomashinaning bagaj qismida va salonida taxminan 145 kg mol go‘shti borligi aniqlandi. Erkakda go‘shtning sifati va kelib chiqishini tasdiqlovchi zarur hujjatlar bo‘lmagan.
Shuning uchun go‘sht musodara qilindi va tekshirish uchun laboratoriyaga yuborildi. Laboratoriya natijalariga ko‘ra, go‘sht iste’molga yaroqsiz deb topilgan.
Mazkur holat yuzasidan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining "Veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish" moddasi bilan ma’muriy bayonnoma qo‘zg‘atilgan. Musodara qilingan iste’molga yaroqsiz go‘sht belgilangan tartibda yo‘q qilindi.
Nazorati tadbirlari davom etmoqda.