O‘zbekiston poytaxtida sud o‘z qizi tomonidan uysiz qoldirilgan 71 yoshli ayolning huquqlarini tiklash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi vakillari sud qarori ijrosini ta’minlab, keksa onani o‘z kvartirasiga qaytardi.
Ko‘chmas mulk borasidagi nizo oila boshlig‘ining vafotidan so‘ng yuzaga kelgan. Ish materiallariga ko‘ra, 40 yoshli qiz onasini kvartiradan haydab chiqargan va uni boshpanasiz qoldirgan. Bir yildan ortiq vaqt davomida keksa ayol o‘z uyiga kira olmagan.
Mojaroni hal qilish imkoniyatlari tugagach, 71 yoshli fuqaro o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qildi. Taqdim etilgan dalillarni ko‘rib chiqqan sud uning talablarini qonuniy va asosli deb topdi. Ayolning kvartirada yashash huquqini zudlik bilan tiklash to‘g‘risida qaror chiqarildi.
25-sentabr kuni Majburiy ijro byurosi xodimlari majburiy kiritishni amalga oshirdi. Xolislar va huquq-tartibot idoralari vakillari ishtirokida keksa ayol o‘z kvartirasiga kuzatib qo‘yildi. Uning qiziga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan ta’sir choralari qo‘llanildi. Sud qarorini ijro etishga to‘sqinlik qilgani uchun undan 1,87 million so‘m miqdorida ijro yig‘imi undirildi.
Ushbu voqea aholining eng zaif qatlamlari, xususan, keksa yoshdagi insonlarning mulkiy huquqlarini himoya qilish masalalarini kun tartibiga qo‘yadi.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksida belgilanishicha, turar joyga bo‘lgan mulk huquqi muddatsiz bo‘lib, boshqa fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzmagan holda o‘z xohishiga ko‘ra unga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini o‘z ichiga oladi.