O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi matbuot xizmati rasmiy bayonot e’lon qildi.
Joriy yilning 29 sentabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida bir necha O‘zbekiston fuqarolari qo‘lga olingani xabar qilingan edi. Mahalliy politsiya olti kishini, jumladan, taniqli bloger "Jasmin"ni hibsga oldi. Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 30-sentabr kuni mahbuslar Maltepe yopiq turdagi jazoni ijro etish muassasasiga joylashtirilgan.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan barcha O‘zbekiston fuqarolari giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Hibsga olinganlardan olingan barcha moddalar ekspertiza uchun yuborilgan.
Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, tekshiruvdan so‘ng hibsga olinganlarga jinoyatning og‘irligi ko‘rsatilgan holda to‘liq ayblovlar qo‘yiladi. O‘zbekiston Bosh konsulligi vaziyatni nazoratga oldi.