Sudya hibsga olindi - Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari bilan birgalikda maxsus tezkor tadbir o‘tkazdi. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida O‘zbekiston xalqaro arbitraj va hakamlik sudlarini rivojlantirish jamoat fondi qoshida faoliyat yurituvchi Namangan viloyat hakamlik sudi sudyasi qo‘lga olindi. Hibsga olish maxsus kimyoviy modda bilan oldindan ishlov berilgan 3200 AQSh dollarini olayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, jinoyatchi ushbu pul evaziga Chust tumanida yashovchi fuqaroga "Mustaqillik" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 600 kvadrat metr yer maydonida joylashgan bahsli noturar binoga egalik qilishni va’da qilgan. Ushbu noturarjoy binosining qurilishi tugallanmagan.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.