Ichki ishlar xodimi qo‘lga olindi - Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.
DXX xodimlari boshqa huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda Toshkent shahrida maxsus tezkor tadbir o‘tkazdi. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Olmazor tumanida sintetik giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishi bilan shug‘ullangan giyohvandlik profilaktikasi inspektori qo‘lga olindi. Uning ichki ishlar vazirligi tomonidan berilgan xonadonida tintuv o‘tkazilganda, narkotik laboratoriyasi aniqlangan. Undan 10,5 kg alfa-PVP, 4 gramm spays, 588 gramm suyuq prekursorlar, elektron tarozilar va giyohvandlik vositalari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan boshqa buyumlar topilib, olib qo‘yildi.
Shuningdek, uning Toshkent viloyatining Toshkent tumanidagi doimiy yashash uyi ko‘zdan kechirilganda, tuproqqa ko‘milgan 430 gramm alfa-PVP moddasi aniqlangan. Tergov shuni ko‘rsatdiki, u Telegram messenjeri orqali o‘zi uchun zarur bo‘lgan prekursorlarga buyurtma bergan va narkokurerlari orqali yetkazib bergan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining "Jinoyat ishtirokchilarining turlari" moddasi orqali "Kontrabanda" moddasi va "Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish" moddasi orqali "Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish" moddasining 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyatchi 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.