Tilla taqinchoqlarni noqonuniy olib o‘tishga urinish oldi olindi - Bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent viloyati "Navoiy" chegara bojxona posti xodimlari qo‘shni davlatdan O‘zbekistonga o‘tayotgan ayollarni qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazdi. Shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda ular umumiy qiymati 441 million so‘mlik tilla va kumush taqinchoqlarni bojxona nazoratidan yashirishga uringanliklari aniqlandi. 360 gramm tilla taqinchoqlar va 819 gramm kumush taqinchoqlar topilib, musodara qilindi. Ayollar bojxonachilarga qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlari borligi haqida yozma yoki og‘zaki xabar bermagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyatchilar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi eslatib o‘tdiki, amaldagi qoidalarga ko‘ra, jismoniy shaxslar og‘irligi 65 grammdan oshmaydigan qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarini yozma bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan holda bojxona to‘lovlarisiz olib kirishlari mumkin.