Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati avtomobildagi yong‘inga izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 13-oktabr kuni soat taxminan 13:51 da Oltiariq tumanidagi Beruniy MFY hududidagi gaz quyish shoxobchasida avariya sodir bo‘lgan. Avtomobilga metan quyish vaqtida Damas rusumli avtomashina ichida yong‘in sodir bo‘lgan. Yong‘in yoqilg‘i quyish shoxobchasi xodimlari va haydovchi tomonidan yong‘in o‘chirish moslamalari yordamida tezda o‘chirildi.
Yong‘in oqibatida hech kim jabrlanmagan. Yong‘in natijasida avtomobil kuzovi va salonining bir qismi shikastlangan. Yong‘in sabablari va yetkazilgan zarar miqdori o‘rganilmoqda.