Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati rasmiy bayonot berdi.
Joriy yilning 4 oktyabr kuni taxminan soat 16:20 larda Bektemir tumanidagi 290-sonli maktab hududida mushtlashuv sodir bo‘lgan. 2010-yilda tug‘ilgan 9-sinf o‘quvchisi va 2016-yilda tug‘ilgan 3-sinf o‘quvchisi o‘rtasidagi og‘zaki janjaldan boshlangan. O‘zaro janjal paytida 15 yoshli o‘smir 9 yoshli bola minib ketayotgan harakatlanayotgan velosipedni urib yuborgan. Natijada bola yiqilib, yuziga jarohat yetkazgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 9 yoshli jabrlanuvchi quyidagi jarohatlar olgan: "Yuqori lab o‘ng tomonlama shilliq qavati ezilib yirtilgan yarasi, yuqori jag’ o‘ng tomonlama ikkinchi tishi to‘liq chiqishi, yuqori jag’ o‘ng tomonlama 1-tishi noto‘liq chiqishi, bosh peshona chap yonoq chap lunj, chap yelka kamari, ikkala kaft sohalari, yumshoq to‘qimalari lat yeyishlari va shilinmalari". Jarohatlarning og‘irligi engil deb baholandi, natijada sog‘lig‘ining qisqa muddatli buzilishiga olib keldi.
Mazkur holat yuzasidan Bektemir tumani IIB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. 15 yoshli bola onasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining "Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik" moddasi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma qo‘zg‘atildi. Shuningdek, maktab ma’muriyati va ota-onalar bilan birgalikda profilaktik tushuntirish ishlari olib borilib, kelgusida bunday holatlarning oldini olish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.