Qimmatbaho metallarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi - Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Samarqand viloyatining Narpay tumanida maxsus tezkor tadbir o‘tkazdi. Olib borilgan tezkor tadbir davomida Navoiy viloyatida yashovchi 3 nafar shaxslar: 1980, 1983 va 1987-yillarda tug‘ilganlar qo‘lga olindi. Ular 18 kilogramm qayta ishlanmagan kumushni noqonuniy ravishda sotayotgan vaqtda qo‘lga olindi. Ular bu miqdordagi kumushni 21 ming dollarga sotishni rejalashtirishgan.
Olib borilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, jinoyat sodir etgan shaxslardan 16,74 kg. sof kumush, 999 donalik olindi. Uning umumiy qiymati 502 344 000 so‘mni tashkil etadi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining "Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish" moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hibsga olinganlar 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.