Tamakı mahsulotlarining noqonuniy aylanishi to‘xtatildi - Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bekobod tuman bo‘limi xodimlari tomonidan, Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda maxsus tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida M373 avtomobil yo‘lida harakatlanayotgan "Lacetti" rusumli avtomobil to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruv jarayonida haydovchi xorijda ishlab chiqarilgan, O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan sigaretlarni tashiyotgani aniqlandi.
Natijada umumiy qiymati 87,5 million so‘mni tashkil etuvchi 2 500 dona sigaret qadoqlari aniqlanib, daliliy ashyolar sifatida ish materiallariga qo‘shildi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining "Etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish" moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda hamda jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslar aniqlanmoqda.