Narkotik moddalar savdosiga chek qo‘yildi - Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabar berdi.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan maxsus tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida Toshkent shahrining Mirzo-Ulug‘bek tumanidagi "Ming Lola" mahallasida yashovchi fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida uyda 1,25 kilogramm marixuana borligi aniqlanib, u paketlar, qog‘oz o‘ramlar hamda gugurt qutilariga joylab, sotish uchun tayyorlangan holatda saqlangani ma’lum bo‘ldi. Qayd etilishicha, ushbu fuqaro ilgari ham shunga o‘xshash jinoyat uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan, biroq bundan tegishli xulosa chiqarmagan.
Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining "Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish" moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumondorga nisbatan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilishi mumkin. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda hamda uning jinoyatga aloqador boshqa shaxslar bilan bog‘liqligi aniqlanmoqda.