Elektron sigaretlarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi - Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchtepa tuman bo‘limi xodimlari tomonidan maxsus tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida "H." MCHJ do‘koni sotuvchisi qo‘lga olindi. U navbatdagi xaridorga kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan elektron sigaretlarni sotayotgan vaqtda ushlangan. Do‘kon tekshiruvida 880 dona turli elektron chekish qurilmalari, 18 turdagi, aksiz markasiz, ya’ni O‘zbekistonga qonuniy kiritilganini tasdiqlovchi hujjatsiz aniqlangan. Musodara qilingan elektron sigaretlarning umumiy qiymati 76,7 million so‘mni tashkil etdi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining "Etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish" moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda va qo‘lga olingan shaxsning jinoyatga aloqador boshqa sheriklari aniqlanmoqda.