Dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi - Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari bilan hamkorlikda 1993-yilda tug‘ilgan erkak va ayolni qo‘lga oldilar. Ular 400 dona "MISOPROSTOL" nomli dori vositasi, 139 dona bo‘sh kapsula va 26 dona qadoqlash qutisini noqonuniy tarzda 5 ming AQSh dollari evaziga sotayotgan paytda ushlangan.
Olingan ko‘rsatmalar asosida Jizzax shahrida joylashgan ayollar fitnes-klubi tekshirildi. Tekshiruv davomida ushbu joyda dori vositalarini ishlab chiqaruvchi yashirin sex aniqlangan. Umuman olganda, bir dona maxsus qadoqlash uskunasi, 141 dona tayyor dori vositasi, xitoy va ingliz tillarida yozilgan 1 040 dona soxta gologramma, 237 dona soxta shtrix-kod, 1 014 dona bo‘sh kapsula hamda dori vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan boshqa buyumlar aniqlanib, daliliy ashyolar sifatida olib qo‘yilgan.
Shuningdek, Samarqand viloyatida 1998-yilda tug‘ilgan, farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya rahbari bo‘lgan Samarqand shahri yashovchisi ham qo‘lga olingan. U 9 800 dona psixotrop moddalar saqlovchi dori vositasini shartli xaridorga 25 million so‘mga sotayotgan paytda ushlangan. Aniqlanishicha, mazkur dori vositalari Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan.
Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari olib borilmoqda.