Samarqandlik ikki aka-ukaga hukm o‘qildi - sud qarori Oliy sudning rasmiy veb-saytida e’lon qilindi.
Xabar qilinishicha, joriy yilning 10 oktyabr kuni Samarqand shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ikki aka-ukaga nisbatan hukm o‘qildi. Ish hujjatlariga ko‘ra, joriy yilning 20 iyun kuni soat 15:00 atrofida aka-ukalar o‘z uylarida yana bir ukalarini o‘limga olib kelgan darajada kaltaklashgan. Hodisa Samarqand shahrining "Yoshlar" mahallasida sodir bo‘lgan. Ayblanuvchilar uni qimor o‘ynash odatidan xalos etish maqsadida qo‘llari va oyoqlari bilan urgan, keyin esa arqon bilan daraxtga bog‘lab, jismoniy qiynoqqa solgan, zo‘ravonlik ishlatib, sim yordamida noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilganlar. Natijada jabrlanuvchi o‘sha kuni soat 19:00 da olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchilar Jinoyat kodeksining "Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish" moddasining 2-qismi hamda "Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish" moddasining 3-qismi bo‘yicha aybli deb topilgan. Ulardan biri 8 yil 6 oy, ikkinchisi esa 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ular jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydilar.