Oliy sud matbuot xizmatida rasmiy xabar e’lon qilindi.
Joriy yilning 24 oktyabrida Mirzo-Ulug‘bek tumanlararo sudida Akmal Shukurov, 1995 yilda tug‘ilgan, ustidan hukm o‘qildi. Sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining "Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish" moddasi 2-qismi, "Firibgarlik" moddasi 4-qismi va "Bezorilik" moddasi 3-qismi bo‘yicha aybdor deb topildi. Unga 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tiladi.
Oliy sudda ta’kidlanganidek, tomonlar ushbu Mirzo-Ulug‘bek tumanlararo jinoyat ishlari sudining qaroriga shikoyat va protest kiritish huquqiga ega bo‘lib, belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya/kassatsiya sud kollegiyasiga murojaat qilishi mumkin.
Bir necha oy oldin Akmal Shukurov The Tower mehmonxonasi yaqinida yuz bergan janjal ishtirokchisi bo‘lganini eslatib o‘tamiz. Sudlanuvchi harakati natijasida bir kishi jarohat olib, bir necha kun komada yotgan va murakkab operatsiyalarni boshdan kechirgan edi. Voqea sodir bo‘lganidan so‘ng, erkak Qozog‘istonga qochishga urindi, ammo ushlanib qolindi.