Poytaxt FVB matbuot xizmati rasmiy ma’lumot e’lon qildi.
Joriy yil 25-oktabr kuni soat 15:25 da Toshkent shahri FVBga kiyim-kechak do‘konida yong‘in chiqqani haqida shoshilinch xabar kelib tushdi. Hodisa Chilonzor tumanidagi "Qizil Sharq" dahasida sodir bo‘lgan. Ikki daqiqadan so‘ng voqea joyiga FVB xodimlari yetib borib, yong‘inni bartaraf etishga kirishdi. Yong‘in soat 15:37 da to‘liq o‘chirildi.
Ta’kidlanishicha, ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida joylashgan do‘konning 10 kvadrat metr maydoni olov bilan qamrab olingan. Guvohlar binoning turli qavatlaridan chiqqan qalin tutunni kuzatishgan, bu esa uyda bir nechta qavatda yong‘in bor degan taassurot uyg‘otgan.
Yong‘in oqibatida hech kim jabrlanmadi. Yong‘in sabablari hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori tergov davomida aniqlanadi.