DXX matbuot xizmati xabariga ko‘ra, firibgarlikda gumonlangan ayol qo‘lga olindi.
DXX xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan maxsus tezkor tadbir davomida Namangan shahrida ayol ushlangan. U boshqa fuqarolardan 1 000 AQSh dollari miqdoridagi oldindan to‘lovni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Ma’lum bo‘lishicha, u To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi to‘rt nafar fuqaroning Janubiy Koreyada ishga joylashishiga 2 000 AQSh dollari evaziga "ko‘maklashishni" va’da qilgan va bu ishni tanishlari orqali amalga oshirishni rejalashtirgan.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining "Firibgarlik" moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchiga 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda; ayolning boshqa shunga o‘xshash jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.