Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sifati kafolatlanmagan dori vositalarini realizatsiya qilishga chek qo‘yildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uchko‘prik tuman boshqarmasi xodimlari DXX va bojxona boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda maxsus tezkor tadbir o‘tkazdi. Tadbir davomida dori vositalarini noqonuniy savdoga qo‘ygan fuqaro aniqlandi. Uning "Qulibek" MFYda joylashgan noturar binosida tegishli hujjatlarsiz 41 319 dona turli dori vositalari topilib, rasmiylashtirib olindi. Ularning umumiy qiymati 1 milliard 600 million so‘mni tashkil etdi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining "Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish" haqidagi moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, noqonuniy faoliyatga boshqa shaxslarning aloqadorligi o‘rganilmoqda.