Toshkent metropolitenining yerusti halqa yo‘nalishida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish 18-oktabrdan qayta tiklanishi kutilmoqda. Bu haqda poytaxt metropoliteni matbuot xizmati xabar berib, yo‘nalishdagi rejali profilaktika ishlari yakuniy bosqichga kirganini ma’lum qildi.
Poyezdlar harakati rejali ta’mirlash va profilaktika ishlarini amalga oshirish uchun vaqtincha to‘xtatilgan edi. Ayni paytda asosiy ishlar nihoyasiga yetmoqda. Yo‘nalish yo‘lovchilar bilan to‘liq ishga tushirilishidan oldin bir qator majburiy sinovlar o‘tkaziladi.
Yo‘lovchilar uchun maksimal xavfsizlik va qulaylik standartlarini ta’minlash maqsadida poyezdlar dastlab sinov rejimida harakatlanadi. Ushbu bosqichda barcha tizimlarni yakuniy tekshirish va sozlash uchun tarkiblar yo‘nalish bo‘ylab yo‘lovchilarsiz harakatlanadi. Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlanib, texnik xizmatlardan ijobiy xulosa olingandan so‘ng, yo‘nalish odatiy rejimda ishlay boshlaydi.
Metropoliten ma’muriyati yo‘lovchi tashishni qayta tiklashning taxminiy sanasini 18-oktabr etib belgilagan.
Toshkent metropoliteni Markaziy Osiyodagi birinchi metro hisoblanadi. Uning qurilishi 1972-yilda boshlangan va birinchi yo‘nalish 1977-yilda foydalanishga topshirilgan.