Ota farzandi uchun alimentni oldindan to‘lab bergan - Andijon viloyati Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati xabar berdi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bo‘ston tumanlararo sudining 2020-yildagi ajrimiga ko‘ra, erkak voyaga yetmagan farzandi uchun oylik daromadining 25 foizi miqdorida aliment to‘lashi shart edi. Ijro ishi Shahrixon tuman Majburiy ijro byurosi tomonidan ish yuritish uchun qabul qilingan.
Ijro protsessi davomida bu shaxsga xorijda aliment to‘lashdan bo‘yin tovlashning oldini olish maqsadida mamlakatdan chiqib ketish taqiqlangan.
Biroz vaqt o‘tgach, erkak chet elga chiqmoqchi bo‘lib, muammosini hal qilish uchun Majburiy ijro byurosiga murojaat qilgan.
Shu tariqa, tomonlar o‘rtasida 6200 AQSh dollari (74 million so‘m) miqdorida alimentni oldindan to‘lash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Keyinroq erkakning sayohatiga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlandi.