Transport vazirligi matbuot xizmati rasmiy bayonot berdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, "Uzbekistan Airways" milliy aviakompaniyasi joriy yilning 27 oktyabridan boshlab Andijon-Istanbul-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlarni amalga oshiradi. Parvozlar haftasiga ikki marta dushanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi. Joriy jadval va chiptalar narxi milliy aviakompaniyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Vazirlik shuningdek, Andijondan hozirda Sankt-Peterburg, Moskva, Novosibirsk, Irkutsk va Toshkentga ham parvozlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bu yo‘nalishlar kelgusida boshqa yo‘nalishlarga ham kengaytiriladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilda Andijon aeroporti rekonstruksiya qilindi. Xususan, aeroport endi Boeing 747 va Airbus A330 kabi yirik avialaynerlarni qabul qila oladi. Buning uchun yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurildi.