Ommabop Telegram xabar almashish platformasi asoschisi Pavel Durov raqamli erkinliklar kelajagi yuzasidan chuqur xavotirini bildirgan bayonot bilan chiqdi. O‘zining 41 yoshga to‘lgan kunida u bayram qilishdan voz kechishini ma’lum qildi va buni zamonaviy avlodda o‘zidan oldingilar tomonidan yaratilgan erkin internetni saqlab qolish uchun vaqt juda oz qolgani bilan izohladi.
O‘z murojaatida Durov dastlab erkin axborot almashish maydoni sifatida yaratilgan jahon tarmog‘i konsepsiyasi ko‘z o‘ngimizda total nazorat vositasiga aylanayotganini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, ilgari demokratik qadriyatlar tayanchi hisoblangan mamlakatlar bugungi kunda antiutopik deb ta’riflash mumkin bo‘lgan choralarni joriy qilmoqda. Bunga misol qilib, u Buyuk Britaniyada raqamli shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni joriy etish, Avstraliyada yoshni onlayn tekshirish tizimlari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida shaxsiy xabarlarni ommaviy skanerlash rejalarini keltirdi.
O‘z kuzatuvlari geografiyasini kengaytirar ekan, Durov davlat nazoratining kuchayishi bo‘yicha aniq holatlarga ishora qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyada fuqarolar internetda mansabdor shaxslarni tanqid qilgani uchun ta’qib qilinmoqda, Buyuk Britaniyada esa minglab odamlar ijtimoiy tarmoqlardagi postlari, xususan, tvitlari uchun qamoqqa olinmoqda. Bundan tashqari, u Fransiyada erkinlik va shaxsiy hayot daxlsizligi tamoyillarini izchil himoya qilayotgan texnologik kompaniyalar rahbarlariga nisbatan jinoiy ishlar ochilganini qayd etdi.
Telegram asoschisi hozirgi avlod tarixda haqiqiy erkinliklarga ega bo‘lgan oxirgisi bo‘lib qolishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Uning fikricha, jamiyat so‘z erkinligi, erkin bozor, suverenitet va shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi kabi fundamental qadriyatlardan ixtiyoriy ravishda voz kechib, "o‘z-o‘zini yo‘q qilish yo‘li"ga o‘tgan.
"Shuning uchun yo‘q, men bugun bayram qilmayman. Vaqtim oz. Bizning vaqtimiz oz", - deya Pavel Durov o‘z murojaatini yakunladi va raqamli kelajakni himoya qilish uchun vaziyatning favqulodda ekanligini hamda zudlik bilan chora ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Telegram’ni yaratish g‘oyasi Pavel Durovda o‘zining avvalgi kompaniyasi - "VKontakte" ijtimoiy tarmog‘ini boshqarayotganda hukumat bosimiga duch kelganidan so‘ng paydo bo‘lgan. U davlat tomonidan nazorat qilinmaydigan xavfsiz aloqa kanaliga o‘tkir ehtiyoj borligini anglagan.