Voyaga yetmaganlarni saqlash sharoitlari tekshirildi - Bolalar ombudsmanı matbuot xizmati xabar berdi.
Bolalar Ombudsmanining Qoraqalpog‘istondagi hududiy vakili bolalar saqlanayotgan 2-sonli tergov hibsxonasida bo‘ldi. U bolalar muammolarini o‘rganib chiqdi va suhbatlar o‘tkazdi. Suhbat davomida bolalarning ruhiy salomatligi, ta’limga bo‘lgan ehtiyoji, mavjud muammolariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, bolalarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish bo‘yicha muassasa ma’muriyatiga zarur tavsiyalar berildi.
Bolalar ombudsmanı vakili tergov hibsxonasidan tashqari Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga ham tashrif buyurdi. Hozirda u yerda uch nafar voyaga yetmagan, ulardan ikki nafari qiz saqlanmoqda. Markazdagi saqlash sharoitlari, jumladan, bolalar o‘quv xonalari, uxlash joylari, dam olish joylari, shuningdek, sanitariya-gigiyena holati va ovqatlanish sharoitlari o‘rganildi.