Jizzax viloyati Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, musodara qilingan mobil telefonlar yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yil 18-19 oktabr kunlari Jizzax viloyat Majburiy ijro byurosi hamda tuman bo‘limlari tomonidan musodara qilingan mobil telefonlarni sotish bo‘yicha yarmarkalar tashkil etildi. Yarmarkalarda ijro hujjatlari asosida qarzdorlikni qoplash maqsadida davlat foydasiga o‘tkazilgan mobil telefonlar arzon narxlarda sotuvga qo‘yildi. Savdo rastalari odam gavjum joylarda tashkil etildi.
Qayd etilishicha, xaridorlarga mobil telefonlarni sotib olganliklarini tasdiqlovchi hujjatlar berilgan, bu esa kelgusida ular uchun huquqiy muammolarning oldini olishga xizmat qiladi. Xaridorlar narxlarning qulayligi va haqiqatga mosligini ta’kidladilar.
Sotuvdan tushgan mablag‘lar birinchi navbatda qarzdorliklarni qoplashga yo‘naltirilmoqda. Agar realizatsiya summasi qarz miqdoridan oshsa, ortiqcha mablag‘lar egasiga qaytariladi.