Toshkentning bir necha tuman aholisi rejalashtirilgan profilaktik ishlaridan so‘ng suv sifati yomonlashganidan yana shikoyat qilishmoqda. Ularning aytishicha, suv ta’minoti tiklangach, kranlardan loyqa, yoqimsiz hidli va cho‘kindi bilan to‘la suyuqlik oqmoqda.
Eng ko‘p shikoyatlar Mirzo Ulug‘bek tumani - Chimyon, Qorasuv va Feruza massividan tushgan. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan foto va videolarda suvning loyqa-sariq rangda ekani ko‘rinadi. Odamlarning aytishicha, bu holat har safar suv o‘chirilganidan keyin takrorlanadi.
"Rejalashtirilgan ishlar tugagandan keyin suv loy rangda, botqoqlik hidida bo‘ladi va foydalanishga yaroqsiz. Bizga ‘bir-ikki kundan keyin tozalanadi’ deyishadi, lekin bu doimiy muammo. Biz toza suv uchun to‘laymiz, ammo iflos suv olyapmiz", - deb yozgan tuman aholisi "Potrebitel.uz" guruhida.
Mutaxassislarning aytishicha, bunday muammolar ta’mirlash yoki profilaktika ishlaridan so‘ng quvurlarda zang va cho‘kindilar to‘planishi natijasida yuzaga keladi. Suv qayta berilganda bu cho‘kindilar tizimga kirib, vaqtinchalik rang va hid o‘zgarishiga sabab bo‘ladi.
Shunga qaramay, muammo hal etilmay qolmoqda va odamlar hanuzgacha rasmiylardan aniq choralar va munosabat kutishmoqda.