Viloyat prokuraturasi xodimlari ichki ishlar organlari hamda boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda Samarqand viloyati hududidagi jarima maydonchalarining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan yig‘ilish o‘tkazdi. Xususan, endilikda Samarqand viloyatida jarima maydonchasidan avtomobilni "yuqori lavozimli tanish" yoki "aloqador shaxs" orqali olib chiqish imkoniyati bo‘lmaydi. Transport vositalarining harakati ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi.
- Viloyatda jami 52 ta jarima maydonchasi faoliyat yuritadi. Ulardan to‘rtta maydoncha rahbarlariga nisbatan qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygani uchun ma’muriy chora ko‘rildi, sakkizta jarima maydonchasi faoliyati esa to‘xtatildi, - dedi yig‘ilish davomida viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Xondamir Mardiev.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda 40 ta jarima maydonchasi davlat raqam belgilarini aniqlovchi videokameralar bilan jihozlangan va yagona videokuzatuv tizimiga integratsiya qilingan. Barcha kompyuter texnikalari ishchi holatga keltirilgan, maydonchalarda ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.