Garovga olingan ko‘chmas mulk auksion orqali sotildi - Toshkent shahar Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahar Majburiy ijro byurosiga 2025 yil 11 fevraldagi Mirzo-Ulug‘bek tumanlararo fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining qarori kelib tushdi. Qarorda aytilishicha, fuqaroning ko‘chmas mulki bank foydasiga majburiy undiruvga qo‘yilishi lozim, chunki uning qarzi 541 million so‘mni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi "Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi Qonunning 23-moddasiga muvofiq ijro harakatlari boshlangan, qarzdorga ijro uchun 15 kunlik muddat berilgan. Majburiy ijro davomida, 2025 yil 17 aprel kuni guvohlar, kadastr xizmati mutaxassisi va ijrochi ishtirokida garovga qo‘yilgan kvartiraga hibs qo‘yilgan.
Shundan so‘ng, byuro tegishli bo‘limi inspektori mulkni elektron onlayn-auksionga qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilgan va tomonlarga ogohlantirish berilgan. Natijada ko‘chmas mulk 535,35 million so‘mga sotilgan. Ushbu mablag’ qarzni yopishga yo‘naltirilgan.