Samarqand viloyati Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, avtomobil jarima maydonchasiga qo‘yildi.
Ishtixon tuman MIB xodimlari Samarqand shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha chiqargan sudning ijro hujjati asosida "Malibu-2" avtomobilini qidiruvga e’lon qildi. Aniqlanishicha, avtomobil egasining "Kapitalbank" oldida 297 million so‘m qarzdorligi mavjud.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, qarzdor ijro hujjatidagi talablarni ixtiyoriy ijro uchun belgilangan muddatda bajarmagani bois unga tegishli "Malibu-2" avtomobili qidiruvga e’lon qilindi.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qidiruvdagi avtomobil topildi va jarima maydonchasiga qo‘yildi. Qarzdor bank oldidagi majburiyatlarini bajarmasa, avtomobil onlayn auksionda sotiladi.