Yaqinda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi doirasida Amerikaning Forbes nashri Toshkent va Vashington uchun strategik ahamiyatga ega voqea sifatida baholagan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi muloqot ikki tomonlama munosabatlarning sifat jihatidan yangi bosqichini mustahkamlab, uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan chuqurlashtirilgan sheriklik yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Ushbu uchrashuv Donald Trampning Truth ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotidan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Unda Tramp O‘zbekiston tomonidan 8 milliard dollarlik Boeing Dreamliner samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzolanganini yuqori baholab, bu kelishuv AQShda 35 000 dan ortiq ish o‘rni yaratishga xizmat qilishini ta’kidlagan edi. Bunga javoban Shavkat Mirziyoyev Tramp uchrashuv o‘tkazish haqidagi va’dasini bajargan so‘zining ustidan chiqqan siyosatchi ekanligini qayd etdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston rahbari Franklin Templeton, Citigroup, Boeing kabi Amerikaning yetakchi korporatsiyalari va moliya institutlari rahbarlari bilan atroflicha davra suhbati o‘tkazdi. Muhokamalarning asosiy mavzulari iqtisodiyotning muhim tarmoqlariga yangi investitsiyalarni jalb qilish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘ldi. 2017-yilda iqtisodiy islohotlar boshlanganidan buyon ikki tomonlama savdo hajmi to‘rt barobarga oshdi, O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritayotgan Amerika kompaniyalari soni esa 300 taga yetdi. Amerika biznesining alohida e’tiborini strategik va noyob yer metallarini qazib olish va chuqur qayta ishlash, bank sektorini modernizatsiya qilish, axborot texnologiyalari, shuningdek, transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi loyihalar o‘ziga tortmoqda.
Xalqaro kuzatuvchilarning fikricha, O‘zbekistonning jahon maydonidagi mavqeyining mustahkamlanishi global geosiyosiy o‘zgarishlar bilan uzviy bog‘liqdir. G‘arb davlatlari Markaziy Osiyoning siyosiy va iqtisodiy salmog‘ini oshirishga qiziqish bildirmoqda, bu esa mintaqadagi Moskva, Pekin va Tehronning an’anaviy ta’siriga muvozanat yaratishga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan, Vashingtonning "Tramp koridori" deb nom olgan yangi savdo yo‘lagini ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlari alohida ahamiyat kasb etadi. Armaniston va Ozarbayjonni bog‘laydigan ushbu loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlariga Rossiya, Eron va Xitoyni chetlab o‘tgan holda jahon bozorlariga chiqish imkonini berishi ko‘zda tutilgan.
Tahlilchilarning baholariga ko‘ra, Toshkent Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish jarayonida ham muhim rol o‘ynamoqda. Afg‘oniston bilan umumiy chegaraga va yaqin madaniy-etnik aloqalarga ega bo‘lgan O‘zbekiston konstruktiv muloqot uchun asosiy vositachi va kanal sifatida ko‘riladi. Mamlakatning dunyoviy davlat qurilishi modeli, xotin-qizlar huquqlarini izchil qo‘llab-quvvatlashi va pragmatik tashqi siyosiy yo‘li O‘zbekistonni mintaqada radikalizm tarqalishini jilovlash masalalarida AQSh va uning ittifoqchilari uchun afzal sherikga aylantirmoqda.
Forbes xulosa qilishicha, Toshkent bilan hamkorlikni chuqurlashtirish nafaqat yaqqol tijoriy foyda keltiradi, balki Qo‘shma Shtatlar va umuman G‘arb dunyosi uchun uzoq muddatli geostrategik afzalliklarni ham ta’minlaydi.