O‘zbekiston prezidenti Nyu-Yorkda AQShning yetakchi kompaniyalari prezidentlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev "Boeing Global" kompaniyasi prezidenti Brendan Nelson bilan uchrashdi. Uchrashuvda tomonlar uzoq yillik strategik sheriklik munosabatlarining muhimligini qayd etib, joriy tashrif davomida imzolangan shartnomalarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.
Qayd etish joizki, Boeing samolyotlar, shuningdek, kosmik va harbiy texnika ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonning mazkur kompaniya bilan hamkorligi sayyohlar va fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy samolyotlar xarid qilish imkoniyatini ochib bermoqda.