Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev ayni damda AQShda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80 yillik yubiley sessiyasida ishtirok etmoqda. Uning tashrifi chog‘ida Amerikaning havo kemalari ishlab chiqaruvchi korxonasi bilan muzokaralar olib borildi va natijada "Uzbekistan Airways" milliy aviakompaniyasi tarixidagi eng yirik shartnoma tuzildi.
Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston 22 ta Boeing 787-9 Dreamliner havo kemalarini xarid qiladi, yetkazib berish 2031-yil boshidan boshlanishi kutilmoqda.
Mazkur kelishuv "Uzbekistan Airways" Milliy aviakompaniyasiga Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga uzoq masofali reyslarni amalga oshirish imkonini beradi.
Bundan tashqari, tomonlar Boeing kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi o‘rtasida mamlakat aviatsiya sohasini yanada rivojlantirishga ko‘maklashuvchi anglashuv memorandumini imzoladilar.
AQSh prezidenti Donald Tramp ham o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi "Truth Social" akkauntida xabar qoldirib, kelishuvga izoh berdi. Tramp Shavkat Mirziyoyevni AQShda 35 ming yangi ish o‘rni yaratadigan 8 milliard dollarlik shartnoma imzolangani bilan tabrikladi. Tramp, shuningdek, Mirziyoyevni o‘z so‘zidagi odam deb atadi va O‘zbekiston bilan boshqa sohalarda ham hamkorlikni davom ettirishga va’da berdi.