1-oktabrdan boshlab Qo‘shma Shtatlardagi federal idoralarning muhim bir qismi faoliyati falajlandi. Bu so‘nggi yetti yil ichida birinchi marta sodir bo‘ldi va Kongress boshlangan moliyaviy yil uchun byudjetni o‘z vaqtida tasdiqlay olmagani natijasida yuzaga keldi. "Shatdaun" deb nomlanuvchi bunday holat oxirgi marta 2018-yil oxiri - 2019-yil boshida, Donald Trampning birinchi prezidentlik muddati davrida kuzatilgan edi.
Hukumat ishining to‘xtatilishi - bu moliyalashtirish yo‘qligi sababli asosiy bo‘lmagan davlat xizmatlari faoliyatini to‘xtatadigan holatdir. Yuz minglab federal xizmatchilar haq to‘lanmaydigan ta’tilga jo‘natiladi, shu bilan birga, faoliyati hayot xavfsizligi va mulkni himoya qilish uchun o‘ta muhim deb hisoblangan xodimlar ishni davom ettirishga majbur, ammo byudjet inqirozi hal etilgunga qadar maosh olmaydilar.
Reuters xabariga ko‘ra, amerikaliklar uchun tibbiy yordam dasturiga oid qonun loyihasi asosiy muammoga aylandi. Demokratik partiya joriy yil oxirida muddati tugaydigan ushbu tashabbusning amal qilish muddatini uzaytirishni talab qilmoqda, bu esa byudjet muhokamasida kelishmovchiliklarga sabab bo‘ldi.
Prezident Donald Tramp yuzaga kelgan vaziyatdan davlat apparatida qisqartirishlar o‘tkazish va uni "qayta yuklash" uchun foydalanish mumkinligini istisno etmadi. 1-oktabr kuni kechqurun u bir qator farmonlarni imzolashi kutilmoqda, ularning mazmuni hozircha oshkor etilmagan.
2018-yil dekabridan 2019-yil yanvarigacha 35 kun davom etgan va AQSh tarixidagi eng uzoq davom etgan o‘tgan shatdaun tajribasi mamlakat uchun jiddiy oqibatlarni ko‘rsatadi. O‘shanda inqiroz Amerika iqtisodiyotiga taxminan 11 milliard dollarga tushgan, shundan 3 milliard dollari qaytarib bo‘lmas yo‘qotish bo‘lgan.
O‘sha davrda 800 000 dan ortiq federal xizmatchi yo ta’tilga chiqarilgan, yo tekinga ishlagan. Bu aeroportlar ishida jiddiy uzilishlarga olib keldi, chunki havo harakati dispetcherlari va Transport xavfsizligi boshqarmasi (TSA) xodimlari maoshsiz ishlashni davom ettirib, ommaviy ravishda kasallik ta’tiliga chiqqan, bu esa reyslarning kechikishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, ijtimoiy to‘lovlarning kechikishi kuzatildi va kichik biznes kredit olishda muammolarga duch keldi.
Oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining rejali tekshiruvlari kabi ko‘plab davlat xizmatlari ishi to‘xtatildi. Milliy bog‘lar va muzeylar rasman ochiq qolgan bo‘lsa-da, tegishli nazorat va tozaliksiz ishladi, bu esa vandalizm va axlat to‘planishiga olib keldi.
Hozirgi shatdaun bu muammolarni takrorlashi va chuqurlashtirishi mumkin, bu esa ham iqtisodiyotga, ham federal xizmatlarga bog‘liq bo‘lgan millionlab fuqarolarning kundalik hayotiga bosim o‘tkazadi.
2013-yilda 16 kun davom etgan shatdaun paytida Vashington Milliy hayvonot bog‘idagi pandalar volyeridan kecha-kunduz onlayn translyatsiya qiluvchi mashhur "panda-kam" yopilgan, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda norozilik to‘lqinini keltirib chiqargan.