G‘azo sektorida ayollar gumanitar yordam tarqatish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, jumladan, BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil etish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA) bilan aloqador xodimlar tomonidan jinsiy ekspluatatsiya qilinayotgani haqida xabar berdi.
G‘azodagi og‘ir gumanitar inqirozga yuz tutgan ayollar, ba’zi mahalliy erkaklar, shu jumladan UNRWA bilan hamkorlik qiluvchi tashkilotlar xodimlari tomonidan jinsiy ekspluatatsiya qilinayotganini ma’lum qilishdi. Associated Press agentligi tomonidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, bu shaxslar o‘z mavqelaridan foydalanib, hayotiy zarur resurslar - oziq-ovqat, moliyaviy yordam yoki ish joyini - intim munosabatlar evaziga taklif qilishgan.
Jabrlanganlar majburlashning turli shakllarini tasvirlab berishgan. Ba’zi holatlarda takliflar "qo‘lingni tegizishga ijozat ber" kabi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq-oydin bo‘lgan. Boshqa vaziyatlarda esa, "senga uylanmoqchiman" kabi niqoblangan iboralar ishlatilgan, bu G‘azoning konservativ jamiyatida ayol bilan yaqinlashish uchun qulay bahona sifatida qabul qilinishi mumkin.
Ayollardan biri o‘z hikoyasini anonimlik sharti bilan so‘zlab berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gumanitar tashkilotlardan biriga aloqador erkak unga ishga joylashishda yordam berishni va’da qilgan. Biroq, u ayolni ofis o‘rniga bo‘sh kvartiraga olib borib, jinsiy aloqaga majburlagan. Voqeadan so‘ng u ayolga oz miqdorda pul va bir nechta oziq-ovqat mahsulotlarini bergan, keyinroq esa haqiqatan ham UNRWA tuzilmalari orqali ishga joylashtirgan. Ayol o‘z so‘zlariga ishonishmasligidan va jamoatchilik qoralashidan qo‘rqib, bu hodisa haqida hech kimga xabar bermaslikni afzal ko‘rgan.
Mintaqada faoliyat yuritayotgan psixologiya sohasidagi mutaxassislar davom etayotgan mojaro va qattiq blokada sharoitida G‘azodagi ayollar ayniqsa zaif ahvolga tushib qolganini tasdiqlashmoqda. Eng zarur narsalar yetishmovchiligi sharoitida ular ko‘pincha gumanitar yordam evaziga jinsiy ekspluatatsiya obyektiga aylanib qolishadi. Xalqaro gumanitar tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Jinsiy ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning oldini olish tarmog‘i (PSEA) ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning o‘zida 18 ta rasmiy shikoyat kelib tushgan. Xabarlarga ko‘ra, ba’zi hollarda bunday munosabatlar istalmagan homiladorlikka olib kelgan.
Ayollar huquqlarini himoya qilishga ixtisoslashgan tashkilotlar muammoning ommaviy tus olganini, biroq bu haqda kamdan-kam hollarda ochiq gapirilishini ta’kidlashmoqda. G‘azoning konservativ jamiyatida nikohdan tashqari jinsiy aloqalar jiddiy gunoh hisoblanadi, bu esa ushbu mavzuni muhokama qilishga qo‘shimcha taqiq qo‘yadi va jabrlanganlarning yordam so‘rab murojaat qilishiga to‘sqinlik qiladi.
Ma’lumot uchun: UNRWA - Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil etish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi. PSEA (Prevention of Sexual Exploitation and Abuse) - bu BMT tizimi va hamkor gumanitar tuzilmalar doirasida faoliyat yurituvchi jinsiy ekspluatatsiya va jinsiy zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha xalqaro mexanizm.
Dunyo bo‘ylab gumanitar inqirozlar ko‘pincha gender zo‘ravonligining kuchayishi bilan birga kechadi, chunki mavjud ijtimoiy tuzilmalar zaiflashadi va aholini, ayniqsa ayollar va bolalarni himoya qilish mexanizmlari samarali ishlamay qoladi.