AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati yangi dasturni ishga tushirmoqda, unga ko‘ra, qarovsiz qolgan voyaga yetmagan migrantlarga o‘z vatanlariga ixtiyoriy ravishda qaytishlari uchun 2500 dollar miqdorida bir martalik to‘lov taklif etiladi. Bu chora "o‘z-o‘zini deportatsiya qilish"ni rag‘batlantirish va mamlakatdagi noqonuniy immigrantlar sonini kamaytirishga qaratilgan kengroq strategiyaning bir qismidir.
AQSh Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligining (HHS) ichki xabarnomasiga ko‘ra, Ichki xavfsizlik vazirligi Qo‘shma Shtatlardan ixtiyoriy ravishda chiqib ketish istagini bildirgan 14 yosh va undan katta yoshdagi qarovsiz migrant bolalarga ko‘rsatilgan to‘lovni taqdim etadi. Ta’kidlanishicha, bu mablag‘lar "mamlakatdan chiqib ketgandan keyingi reintegratsiya harakatlarini qo‘llab-quvvatlash" uchun mo‘ljallangan.
Dastlabki bosqichda dastur 17 yoshli o‘smirlarga taklif etiladi. Muhim shartlardan biri shundaki, ixtiyoriy ravishda chiqib ketish to‘g‘risidagi qaror immigratsiya sudyasi tomonidan ma’qullanishi kerak. To‘lovning o‘zi faqat o‘smir o‘z vataniga qaytib kelganidan keyin amalga oshiriladi.
Taklif HHS tarkibiga kiruvchi Qochoqlarni joylashtirish boshqarmasi (ORR) vasiyligidagi qarovsiz bolalar uchun mavjud bo‘ladi. Ushbu boshqarma qonun bo‘yicha bunday bolalarni 18 yoshga to‘lgunga qadar yoki munosib vasiyga topshirilgunga qadar boshpana, homiylik oilalari yoki boshqa muassasalarda joylashtirishga majburdir. Biroq, CBS News ma’lumotlariga ko‘ra, Meksikadan kelgan voyaga yetmagan migrantlar ushbu dasturda ishtirok eta olmaydi.
AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) vakillari HHS bilan birgalikda ushbu tashabbus "uyga qaytishning faqat ixtiyoriy varianti" ekanligini ta’kidlamoqda. ICE bayonotida aytilishicha, "bu ixtiyoriy variant ota-ona qarovisiz qolgan bolalarga tanlov imkoniyatini beradi va ularga o‘z kelajaklari haqida ongli qaror qabul qilishga imkon beradi".
Ushbu dastur Tramp ma’muriyatining mamlakatni tark etayotgan noqonuniy immigrantlar sonini ko‘paytirishga qaratilgan so‘nggi choralaridan biridir. Avvalroq, may oyida hukumat mamlakatda noqonuniy yashayotgan katta yoshdagi migrantlarga o‘z vatanlariga ixtiyoriy ravishda qaytishlari uchun 1000 dollar miqdorida to‘lov taklif qilgan edi.