AQSh prezidenti Donald Tramp iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha global sa’y-harakatlarga yana bir bor o‘zining shubhasini bildirdi va bu boradagi ogohlantirishlarni "dunyoda sodir etilgan eng katta firibgarlik" deb atadi. Bunday ritorika uning siyosiy kursining o‘ziga xos jihatiga aylandi.
O‘z nutqi davomida Tramp toza energetika sohasidagi tashabbuslarni "yangi yashil firibgarlik" deb tavsifladi va uglerod izi konsepsiyasini "safsata" deb atadi. U qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish loyihalariga faol sarmoya kiritayotgan mamlakatlar oxir-oqibat "muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga" ishonch bildirdi. "Men esa bashorat qilishda ustaman", - deya qo‘shimcha qildi Oq uy rahbari.
Bu pozitsiya hozirgi ma’muriyat uchun yangilik emas. O‘zining birinchi prezidentlik muddatidayoq Tramp AQShning 2015-yilda global harorat o‘sishini jilovlash maqsadida imzolangan Parij iqlim kelishuvidan chiqish jarayonini boshlagan edi. U bu qadamini kelishuv Amerika ishchilari va korxonalariga "adolatsiz iqtisodiy yuk" yuklashi bilan izohlagan. Joriy yilning yanvar oyida, inauguratsiyadan ko‘p o‘tmay, u AQShning ushbu xalqaro shartnomadan qayta chiqishi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Shu tariqa, Qo‘shma Shtatlar kelishuv ishtirokchisi bo‘lmagan Eron, Liviya va Yaman kabi davlatlar qatoriga qo‘shildi.
Iqlim dasturlarini tanqid qilish uning siyosatining markaziy elementlaridan biri bo‘lib qolmoqda. U iqlim o‘zgarishi va iqtisodiy tengsizlik muammolarini hal qilishga qaratilgan iqtisodiy rag‘batlantirish paketi bo‘lgan "yangi yashil kurs"ga chek qo‘yishga va’da berdi. Avvalroq Tramp, iqlim o‘zgarishi nazariyasi Amerika sanoatini zaiflashtirish maqsadida "xitoyliklar tomonidan ishlab chiqilgan" degan fikrni ham bildirgan edi.
O‘z nutqlarida Tramp Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning iqlim o‘zgarishiga oid bashoratlari noto‘g‘ri bo‘lib chiqqanini bir necha bor ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bashoratlar "yovuz niyatlar" bilan "ahmoq odamlar" tomonidan qilingan. Tramp ma’muriyati, shuningdek, nomida "iqlim" so‘zi tilga olingan ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashni qisqartirdi, bu esa ilmiy hamjamiyatda xavotir uyg‘otdi.
"Uglerod izi" (carbon footprint) atamasi 2000-yillarning boshida Buyuk Britaniyaning BP neft-gaz kompaniyasi tomonidan keng ko‘lamli reklama kampaniyasi doirasida ommalashtirilgan. Kampaniyaning maqsadi jamoatchilik e’tiborini issiqxona gazlari chiqindilari uchun korporatsiyalarning mas’uliyatidan iste’molchilarning individual xulq-atvoriga qaratish edi.