Ipotekani qayta moliyalashtirish davlat kompaniyasi (IQMK) rasmiy daromadlarini tasdiqlay olmaydigan fuqarolar uchun ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga qaratilgan yangi dasturni boshladi. Tashkilot matbuot xizmati xabar berishicha, ushbu mexanizm bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va mamlakatda ipoteka bozorini yanada rivojlantirishni rag‘batlantirish uchun mo‘ljallangan.
Yangilik IQMKning hamkor banklariga barqaror, ammo norasmiy daromadga ega bo‘lgan qarz oluvchilarni faolroq kreditlash imkonini beradi. "Ushbu mahsulot aholining bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishda muhim qadam bo‘ladi va ipoteka bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi", - deya ta’kidladi kompaniya. Shunday qilib, moliya institutlari ilgari xatarli deb hisoblangan fuqarolar toifasiga kreditlar berish uchun qo‘shimcha mablag‘larga ega bo‘ladilar.
Ta’kidlash joizki, norasmiy daromadga ega shaxslar uchun ipoteka mahsulotlarini yaratish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan 2023 yil aprel’ oyida ilgari surilgan edi. Bunday mijozlarning to‘lov qobiliyatini baholash uchun asos sifatida bank kartalaridagi aylanmalar, kommunal xizmatlar va ijara uchun to‘lovlarning muntazamligi, shuningdek boshqa xarajatlar tahlili kabi muqobil ma’lumotlardan foydalanish taklif etilgan.
Ushbu chora ipoteka bozorining jadal o‘sishi fonida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida berilgan ipoteka kreditlari hajmi 37 foizga sezilarli darajada o‘sib, 9,43 trln so‘mni tashkil etdi. Qarz oluvchilar soni 20,5 foizga oshib, 31,5 ming kishiga yetdi. Bitta ipoteka kreditining o‘rtacha miqdori 300 mln so‘mga yaqinlashdi.
O‘sishning asosiy drayveri Iqtisodiyot va Moliya vazirligi tomonidan moliyalashtirish bo‘lib, uning ulushiga berilgan kreditlar umumiy hajmining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i - 6,38 trln so‘m to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, IQMK liniyasi bo‘yicha taqdim etilgan mablag‘lar hajmi biroz pasaydi - 6 foizga, 800 mlrd so‘mga ham yetmadi. Shuningdek, ipoteka kreditining umumiy portfelida tijorat banklarining ulushi kamaygani kuzatildi. IQMKning yangi qayta moliyalashtirish dasturining ishga tushirilishi ushbu nomutanosiblikni to‘g‘rilash va ipoteka dasturlarida kompaniyaning o‘zi va banklar ishtirokini faollashtirishga imkon berishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda ipoteka bozorini rivojlantirish doirasida ipoteka obligasiyalarini joriy etish ko‘rib chiqilmoqda, bu esa sektorga qo‘shimcha uzoq muddatli resurslarni jalb qilish va uning barqarorligini oshirish imkonini beradi.