Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi kredit kartalari orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar uchun bank komissiyalarini undirish amaliyotini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqdi. Idora mamlakat Markaziy bankiga bir qator moliyaviy institutlar tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega xizmatlar uchun to‘lovlar vaqtida olinadigan yig‘imlar asosliligini tahlil qilish talabi bilan rasmiy so‘rov yubordi.
Monopoliyaga qarshi kurashish organining aralashuviga fuqarolarning ko‘plab murojaatlari sabab bo‘ldi. Iste’molchilar ba’zi davlat va xususiy banklar kommunal xizmatlar, ta’lim, tibbiy xizmat, sug‘urta va soliqlar uchun kredit kartalaridan foydalanganlik uchun komissiya undirayotganidan shikoyat qilishgan. Ta’kidlanishicha, bunday tranzaksiyalar ko‘pincha naqd pul yechib olish operatsiyalariga tenglashtiriladi, bu esa arizachilarning fikricha, qo‘shimcha va asossiz yig‘imlarga olib keladi.
Raqobat qo‘mitasi o‘z murojaatida "Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 21-moddasiga asoslanadi, u shartnomalarga mijozlar huquqlarini kamsituvchi shartlarni kiritishni taqiqlaydi. Idora nafaqat banklarning joriy tarif siyosatini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda, balki fuqarolarga noqonuniy ushlab qolingan summalarni qaytarish masalasini ham ko‘tarmoqda.
Bu sohada tartibga solish choralari avval ham ko‘rilgan. 2023-yil bahorida Markaziy bank byudjet tashkilotlari va korporativ buyurtmachilar manziliga amalga oshirilgan to‘lovlar uchun bank komissiyasining maksimal miqdoriga cheklov joriy qilgan edi. O‘shanda yuqori chegara bazaviy hisoblash miqdorining 20% darajasida belgilangan bo‘lib, bu bugungi kunda 82 400 so‘mni tashkil etadi. Bu cheklov keng ko‘lamli to‘lovlarni qamrab olgan: davlat bojlari va jarimalardan tortib, oliy o‘quv yurtlarida o‘qish, tibbiy va kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar, shuningdek, elektron savdo maydonchalaridagi hisob-kitoblargacha.
Hozirgi tekshiruv muammoga tizimli yondashish va bank amaliyotlarini iste’molchilar manfaatlari bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan. Raqobat qo‘mitasi Markaziy bank tomonidan masala ko‘rib chiqilishi yakunlari bo‘yicha jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot taqdim etishga va’da berdi.
Banklararo komissiya (intercheyndj) - ekvayer bank (savdo nuqtasiga xizmat ko‘rsatuvchi) emitent bankka (kartani chiqargan) to‘laydigan komissiya bo‘lib, u sotuvchi uchun komissiyaning asosiy qismini tashkil etadi va naqd pulsiz to‘lovlarning yakuniy iste’molchidan yashirin bo‘lgan asosiy elementlaridan biridir. Uning miqdori to‘lov tizimlari tomonidan tartibga solinadi va kartaning turi, operatsiya turi va savdo sohasiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.