Ushbu logistika oqimlaridagi asosiy yuklama Qozog‘iston va O‘zbekiston zimmasiga to‘g‘ri keladi, ular orqali barcha tranzit yuklarning 80 foizdan ortig‘i o‘tadi. Tashishlar strukturasida temir yo‘l transporti yetakchi o‘rinni egallab, umumiy hajmining qariyb 60 foizini tashkil etadi. Yo‘nalishlar geografiyasi asosan Xitoy, Rossiya, Turkiya, Afg‘oniston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi, bu esa umumiy tranzitning 70 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi.

Batafsil tahlil shuni ko‘rsatadiki, 2020-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda tashish hajmi 22 million tonnadan taxminan 35 million tonnagacha oshgan. Qozog‘iston umumiy hajmining qariyb yarmini (48-50%) tashkil etuvchi 17 million tonnaga yaqin yukni tashishni ta’minlab, asosiy tranzit xabi maqomini mustahkamladi. O‘zbekiston taxminan 11 million tonna yukka (31-32%) ishlov berib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston 4,5 million tonna (13%), Qirg‘iziston - 1,8 million tonna (5%) va Tojikiston joylashgan bo‘lib, uning hissasi umumiy mintaqaviy tranzitning 1 foizidan sal ko‘prog‘ini, ya’ni 0,4 million tonnani tashkil etdi.
YOTB ekspertlari bu barqaror tendensiyani o‘sib borayotgan iqtisodiy faollik va mintaqaviy logistikadagi tizimli o‘zgarishlar bilan bog‘lashmoqda. Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan Markaziy Osiyo infratuzilmasini yanada rivojlantirish uchun katta sarmoyalar talab etiladi. YOTB Transport loyihalari observatoriyasi prognozlariga ko‘ra, 2035-yilgacha mintaqaning transport yo‘laklariga 52 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan.
Yevgeniy Vinokurov, YOTB boshqaruvi raisining o‘rinbosari va bosh iqtisodchisi, kelgusi vazifalar ko‘lamini ta’kidlaydi: "So‘nggi 5 yil ichida biz Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan tashqi savdosi ikki baravar o‘sganiga guvoh bo‘ldik. Shu bilan birga, tranzit oqimlari 70 foizga oshdi. Ammo bu yo‘lning boshlanishi, xolos. Markaziy Osiyoga sifatli infratuzilma kerak. Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, bu 2035-yilgacha qariyb 53 milliard dollarni tashkil etadi va uning katta qismi "Shimol - Janub" yo‘lagi va Transafg‘on marshrutini rivojlantirishga yo‘naltirilishi kerak".
Qozog‘istonning yetakchi mavqei uning rivojlangan temir yo‘l tarmog‘i va "Shimol - Janub" hamda "Transkaspiy yo‘lagi" kabi xalqaro loyihalardagi faol ishtiroki bilan izohlanadi. Belgilangan investitsiya loyihalarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishi butun mintaqaga, shu jumladan O‘zbekistonga ham o‘z tranzit salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga imkon beradi va geografik joylashuvni jahon bozorida kuchli raqobat afzalligiga aylantiradi.