Tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangani haqida "O‘zenergoinspektsiya" matbuot xizmati xabar berdi.
"O‘zenergoinspektsiya"ning Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Quvasoy shahrida joylashgan M.M.C. MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi tekshiruv o‘tkazildi. Tekshiruv davomida tabiiy gaz hisoblagichi buzilganligi aniqlandi. Muhrlar ham shikastlangan.
Mazkur qoidabuzarlik natijasida gaz ta’minoti korxonasiga 2 milliard 944 million so‘m zarar yetkazilgan. To‘plangan barcha ish materiallari dastlabki tergov o‘tkazish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. Tekshiruv davomida gaz quyish shoxobchasidagi mas’ul shaxslarning harakatlariga baho beriladi. Ular O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining "O‘g‘irlik" moddasi 4-qismi bilan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.